0 (375) 225 - 34 - 13               

 

01 / 06

QARSHI DU

QDU

QARSHI DU
02 / 06
03 / 06
04 / 06
05 / 06
06 / 06

1-OKTABR – O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN REKTOR TABRIGI

Ovozlar reytingi:  / 1
SayozZo'r 

1-OKTABR – O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN REKTOR TABRIGI

Muhtaram professor-o‘qituvchilar, ustoz va murabbiylar!

Farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yosh avlodni barkamol insonlar etib kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratish xalqimizga xos ezgu fazilatdir. Kelajagimiz egalarini bilimli, savodxon, ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom qilib voyaga yetkazishda ustoz-murabbiylarning hissasi benihoya kattadir. Shu sababli xalqimizning ustozga bo‘lgan munosabati, e’tibori va ehtiromi o‘zgachadir. Bugun ana shunday buyuk qalb egalari, ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya fidoyilari bo‘lgan Siz aziz ustoz va murabbiylarni qutlug‘ ayyomingiz bilan muborakbod etish menga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda.

Hozirgi kunda o‘qituvchi kasbini e’zozlash, mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirish ta’lim sohasidagi islohotlarning muhim yo‘nalishiga aylandi. So‘ngi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahnamoligida bu sharafli va mas’uliyatli kasb sohiblarining mavqeini yanada ko‘tarish, mehnatini qadrlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2018 yil 5 apreldagi “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari iste’dodli, o‘z kasbiga sodiq pedagoglarni moddiy qo‘llab-quvvatlashning sifat jihatidan yangi mexanizmini joriy etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni kamol toptirish jarayonida o‘qituvchi mas’uliyatini oshirishda tub burilish yasadi.

Albatta, qabul qilinayotgan bunday qarorlar respublikadagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy salohiyati, ulardagi ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi hamda natijadorligini oshirishga, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va akademik ilm-fanini yanada rivojlantirishga,  iste’dodli yosh olimlar, talabalarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga katta yordam beradi.

Ana shu islohotlar natijasi o‘laroq hozirgi kunda universitetimiz ta’lim sifatini oshirish hamda uning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashda Siz ustozlarning xizmatingiz beqiyos!

Ta’kidlash joizki, bugun universitetimiz dunyoning qator nomdor universitetlari orasida ham o‘zining mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Yangi o‘quv yilining boshidanoq Ispaniyaning Granada universiteti bilan hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi, Rim universiteti professori Magda Pedace xonimning universitetimizga tashrif buyurishi yuqoridagi fikrlarimizning yorqin dalilidir.

Faxr bilan aytish mumkinki, Siz ustozlarning samarali faoliyatingiz, mashaqqatli mehnatingiz o‘z mevasini berib kelmoqda. Buni talabalarimizning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotganlari, Davlat stipendiyalariga munosib ko‘rilayotganlari hamda qator ko‘rik tanlov, musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgarlaridan ham sezish mumkin.

Hozirgi paytda zamon talablariga har tomonlama javob beradigan, yuqori salohiyatga ega malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va talab kun sayin ortib bormoqda. Kadrlar yetishtirishdek dolzarb vazifa, ayniqsa, ustoz-murabbiylar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ushbu mas’uliyatli vazifani ado etish o‘qituvchidan keng dunyoqarash, chuqur bilim, tajriba, kasbiy-ijodiy mahorat, shu bilan birga, o‘z ishiga vijdonan yondashuvni talab etadi. Ishonch bilan aytishim mumkinki, ana shunday fazilatlarga ega professor-o‘qituvchilardan tarkib topgan jamoamiz kelgusida ham yurtimizni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol ishtirok etadigan kadrlar bilan boyitishda o‘zining sezilarli hissasini qo‘sha oladi.

Qisqa qilib aytganda, butun xalqimiz kelajagini hal qiladigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi.

Muhtaram ustozlar, Siz azizlarni yana bir bor bugungi ilmu ma’rifat ayyomi bilan samimiy qutlayman. Sizga sog‘lik-salomatlik, oilangizga tinch-totuvlik, ilmiy-ijodiy va pedogogik faoliyatingizda ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilayman!

B.A.SHOIMQULOV

universitet rektori

________________________________________________________________

© Qarshi davlat universiteti  www.qarshidu.uz 

________________________________________________________________