
Qarshi davlat universitetida bitiruvchilar uchun “Biznes marafon” seminari o‘tkazildi
2025-yil 8-iyul kuni Qarshi davlat universiteti faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini bandlik bilan ta’minlash yuzasidagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida bitiruvchi talabalar bilan uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etildi. Tadbir doirasida Qashqadaryo viloyatidagi bir qator mutasaddi tashkilotlar — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining hududiy boshqarmasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida “Biznes marafon” seminar-treningi o‘tkazildi. Mazkur seminar-treningda talabalarga mehnat bozoridagi imkoniyatlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, moliyaviy ko‘mak va imtiyozlar, ta’limni ish bilan uyg‘unlashtirish masalalari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar oldilar. Ushbu uchrashuv bitiruvchi yoshlarning kelgusi mehnat faoliyatini rejalashtirish, yangi imkoniyatlardan xabardor bo‘lish hamda tadbirkorlik yo‘nalishida faollashuviga xizmat qiluvchi samarali muloqot maydoni vazifasini bajardi.