Qalb bog‘ining bog‘bonisiz ustozlar!

2-Oktabr 2025, 10:59
Universitet yangiliklari

O‘qituvchi — qalblarga nur sochuvchi, insonni ma’rifat yo‘liga boshlovchi, sabr va matonati ila kelajakni bunyod etuvchi ulug‘ zotdir. Ustoz — qalb kashfiyotchisi, sabr va bardosh timsoli, dono so‘z va oqilona fikrda o‘rnak bo‘luvchi siymo. Mehr-muhabbati va ziyosi bilan har bir shogird qalbini ma’rifat chirog‘i ila yoritadi. 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan viloyat musiqali drama teatrida “Qalb bog‘ining bog‘bonisiz ustozlar!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Qarshi davlat universitetining professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etdilar. Tadbir avvalida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Kuziyev universitet rektorining samimiy tabrigini jamoaga yetkazdi. So‘ng teatr ijodkorlari tomonidan tayyorlangan bayram dasturi namoyish etildi. Mashhur komedik spektakllardan ijro etilgan parchalar yig‘ilganlarga quvonch va kulgu ulashgan bo‘lsa, ohangdor kuy va dilbar qo‘shiqlar tomoshabinlarni raqsga chorlab, bayram shukuhini yanada oshirdi. Bayramona tadbir ustozlar sha’niga bo‘lgan chuqur hurmat, samimiy minnatdorlik va ezgu tilaklar ruhi bilan yo‘g‘rilib, barchaga unutilmas taassurotlar bag‘ishladi.