"Qalqon" jamoatchilik guruhi — xavfsizlik va tartib posboni

16-Oktabr 2025, 11:56
Universitet yangiliklari

Talabalarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamoat tartibini saqlashda faol ishtirok etish, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Qarshi davlat universitetida “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyat yuritmoqda. “Xavfsiz hudud – xavfsiz talaba” tamoyiliga asoslanib ishlayotgan mazkur guruh tarkibida 20 nafar fidoyi va mas’uliyatli talaba ko‘ngillilar birlashgan. Universitet rektor maslahatchisi A.Jo‘rayev hamda profilaktika inspektori M.Jabbarov “Qalqon” guruhi a’zolari bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida oliygoh hududida osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida talabalar xavfsizlikni ta’minlash va sog‘lom muhit yaratish borasida faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. “Qalqon” jamoatchilik guruhi o‘z oldiga belgilangan maqsad va vazifalarni samarali bajarishga shay.