
Mumtoz adabiyotning tasavvufiy olamini yorituvchi yangi lug‘at nashr etildi
Qarshi davlat universiteti doktoranti (DSc), O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi dotsenti Odiljon Avaznazarovning “Mumtoz adabiyot namunalari uchun tasavvuf lug‘ati” nomli o‘quv lug‘ati “Tavfiqnashr” nashriyotida chop etildi. Asar Qarshi davlat universiteti Ilmiy kengashi tavsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 2025-yil 3-apreldagi xulosasi asosida tayyorlangan. Lug‘at filologiya fanlari doktori, professor Nafas Shodmonov mas’ul muharrirligida nashrga tayyorlangan.
Taqrizchilar:
▪️Rahmatillo Usmonov – O‘zbekiston musulmonlar idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili;
▪️Sayfiddin Rafiddinov – O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent;
▪️Olimjon Davlatov – Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Mazkur o‘quv qo‘llanmada 1500 dan ortiq tasavvufiy atama izohlari keltirilib, ularning barchasi mumtoz adabiyot namunalaridan olingan she’riy parchalar bilan boyitilgan. Yangi lug‘at “O‘zbek mumtoz adabiyoti”, “Tasavvuf va badiiy ijod” hamda “Navoiyshunoslik” fanlari uchun muhim manba bo‘lib, mumtoz adabiyotimizdagi tasavvufiy mazmun va g‘oyalarni chuqurroq anglashga xizmat qiladi.