Istiqbolli hamkorlik: Qarshi davlat universitetida jahon talablariga javob beradigan filologiya ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi

Joriy yilning 29-aprel — 1-may kunlari Belarus Respublikasining Minsk shahrida Birinchi O‘zbekiston-Belarus professional ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Avezimbetovich Sharipov boshchiligidagi ta’lim muassasalari delegatsiyasi Minsk shahrida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

29-aprel kuni Birinchi O‘zbekiston-Belarus forumi o‘z ishini boshladi. Seksiya yig‘ilishida Minsk davlat lingvistika universiteti rektori Natalya Yevgenyevna Lapteva va Qarshi davlat universiteti rektori Dilmurod Xamidullayevich Nabiyev o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, axborot almashinuvi hamda maslahat va axborot xizmatlari sohasi, ilmiy va ijodiy faoliyat sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. 

Shuningdek, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab ikki  oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida filologiya tillarni va o‘qitish: ingliz tili, nemis tili bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 3+1 va lingvistika: ingliz tili magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 1+1 shakllarida qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, Minsk davlat lingvistika universiteti bilan hamkorlikda Qashqadaryo yoshlarini nemis tiliga o‘rgatish bo‘yicha intensiv kurslar ochiladi.