
Erasmus+ orqali QarDU o‘qituvchilari Ruminiyada tajriba almashmoqda
So‘nggi to‘rt yil ichida Qarshi davlat universiteti Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Erasmus+ Xalqaro kredit mobilligi (KA171) dasturida ishtirok etish bo‘yicha sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Universitet Ispaniya, Slovakiya, Polsha, Ruminiya va Italiya kabi Yevropaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Hozirda QarDU Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i D.Musayeva va Lingvistika kafedrasi o‘qituvchisi D.Zokirova Ruminiyaning nufuzli "Dunarea de Jos" universitetida xizmat safarida bo‘lib turishibdi. Mazkur safar Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi ingliz tili yo‘nalishidagi talabalar uchun ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari tashkil etish, professor-o‘qituvchilar bilan tajriba almashish hamda xalqaro grant loyihalarida hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha muzokaralar olib borishdan iborat. Safar davomida D. Musayeva universitetning “Adabiyot, film va madaniyat” yo‘nalishi 2-bosqich magistratura hamda “Ingliz tili” yo‘nalishi 2-bosqich bakalavriat talabalariga XX asr ingliz adabiyoti fanidan dars mashg‘ulotlarini olib bordi. Mashg‘ulotlar davomida talabalar qiziqishlari inobatga olinib, “O‘zbek adabiyoti namoyondalari” mavzusida ham maxsus taqdimot tashkil etildi.