“EVRIKA–2025” tanlovida universitet yosh olimi munosib natijani qo‘lga kiritdi

21-Noyabr 2025, 12:04
Universitet yangiliklari

O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi uchun muhim voqealardan biri — yosh olimlar o‘rtasidagi nufuzli “EVRIKA–2025” tanlovining taqdirlash marosimi “Ilm va ijod bayrami” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda respublikaning barcha hududlaridan kelgan 500 nafardan ortiq yosh izlanuvchi, taniqli akademiklar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Tanlovda eng faol, iqtidorli va tashabbuskor 20 nafar yosh olim g‘olib deb topildi. Quvonarlisi, ular orasida Qarshi davlat universiteti Nazariy va eksperimental fizika kafedrasi mudiri Normurodov Dilshod Abdurazoqovich ham bor. U “Eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasida faxrli 3-o‘rinni egalladi. Marosimda g‘oliblarga statuetka, diplom va pul mukofotlari topshirildi. “EVRIKA” tanlovi yosh olimlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish va ularni yangi g‘oyalar sari ruhlantirishga xizmat qilmoqda.