QarDU talabasi Startup Ambassadors Camp g‘olibi

21-Yanvar 2026, 11:47
Universitet yangiliklari

Yoshlar Ventures tashabbusi bilan Bo‘stonliq tumanidagi yoshlar oromgohida Startup Ambassadors Camp bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyiha doirasida mamlakatning 208 ta tuman va shaharlaridan 204 nafar faol yosh 7 kun davomida startap asoslari, liderlik, muammo–yechim topish, bozor tahlili, MVP yaratish hamda pitching bo‘yicha amaliy bilim va tajriba orttirdi. Loyiha yakunida barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi. Eng faol ishtirokchilar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Best Team nominatsiyasi bo‘yicha Farg‘ona viloyatining Microsoft jamoasi, Best Coordinator nominatsiyasida esa Uber jamoasi vakili Ablaqulova Parizoda (Buxoro va Navoiy viloyatlari) g‘olib deb topildi. Shuningdek, Conclusion video tanlovida 1-o‘rin Microsoft, 2-o‘rin Airbnb hamda 3-o‘rin Amazon jamoalariga nasib etdi. Quvonarlisi, ushbu nufuzli tadbirda Qarshi davlat universiteti Iqtisodiyot fakulteti 3-bosqich talabasi Nasretdinova Aziza Adxamjonovna ham munosib ishtirok etib, “Startup pitch” loyihasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda Qashqadaryo viloyati StartUp Ambassadori sifatida e’tirof etildi. “Startup pitch” loyihasi yakunlariga ko‘ra 1-o‘rin Qashqadaryo viloyati, 2-o‘rin Surxondaryo viloyati, 3-o‘rin esa Toshkent shahriga nasib etdi. Eng muhimi, mazkur lagerda qatnashgan 204 nafar yosh endilikda o‘z hududlarida startap klublarini rivojlantirish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida elchilar sifatida faoliyat olib boradi.