Sh. Axmedov – Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplyans-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi
Har qanday jamiyatning kelajagi, davlatning iqtisodiy barqarorligi va millatning ma’naviy salohiyati, eng avvalo, ta’lim tizimining ahvoliga bog‘liqdir. Ta’lim – insonning aqliy salohiyatini ochuvchi, millat taraqqiyotining asosi bo‘lgan eng muhim vazifani bajaradi. Shuning uchun ham har bir davlat siyosatida ta’limning halolligi va shaffofligi ustuvor o‘rin tutadi. Binobarin, ta’limda korrupsiya – bu faqatgina bir sohaning muammosi emas, balki butun jamiyatning rivojiga xavf soluvchi illatlardan biridir.
Bugungi ochiqlik va islohotlar davrida shuni ta’kidlash joizki korrupsiya hali ham mavjud bo‘lib, u o‘z ta’sirini yo‘qotgani yo‘q. Holisona aytadigan bo‘lsak, afsuski, ayrim holatlarda bu salbiy hodisa ta’lim tizimida ham uchrab turishini inkor etib bo‘lmaydi. Bunday illatlar bilimga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi, yoshlar ongida “bilim emas, tanish-bilishchilik muhim” degan noto‘g‘ri tasavvurni shakllantiradi. Bu esa adolat, mehnatsevarlik va halollik kabi qadriyatlarning qadrsizlanishiga olib keladi.
Korrupsiya so‘zini odatda xalqimiz poraxo‘rlik bilan bog‘lab tushunishadi. Biroq, aslida bu tushuncha ancha keng ma’noga ega bo‘lib mansabni suiiste’mol qilish, tanishchilikka yo‘l qo‘yish, imtiyoz evaziga baho yoki lavozim olish ham uning turli shakllarida ko‘rinishi hisoblanadi. Ayniqsa, ta’lim tizimida bunday holatlar nafaqat adolatga zid, balki kelajak avlodning ilmiy va ma’naviy yetukligiga ham putur yetkazishi bilan birga, kelajakni tubsiz jarlikka yetaklaydi.
Halollik barcha ezgu va farovon ishlarning yuragi bo‘lib, u bor joyda har bir narsada unumdorlik bo‘ladi, belgilangan istiqbolli rejalarga ishonchli tarzda erishiladi. Ta’limdagi halollik esa bu millat kelajagining kafolatidir. Zero, halol mehnat, pok niyat va adolatli baho ta’lim tizimini mustahkamlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu borada shunday deganlar: “Korrupsiyaga qarshi kurashish – davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishidir. Biz halollikni har bir tizimda hayot tarziga aylantirishimiz kerak.” Bu fikr ta’lim tizimi uchun ham bevosita dolzarbdir. Agar o‘qituvchi bahoni vijdonan qo‘ysa, talaba bilimni halol mehnat bilan egallasa, natijada ishonch ortadi, raqobat sog‘lomlashadi va ta’lim sifati yuksaladi.
Umuman olganda, halollik qadriyat sifatida qadimdan buyuk allomalar tomonidan ham e’zozlab kelingan. Buyuk davlat asoschisi va tarixda buyuksohibqiron nomi bilan tanilgan Amir Temur ham o‘zining mashhur “Temur tuzuklari” asarida “Saltanatni adolat bilan qo‘llab-quvvatlash lozim, chunki kuch – adolatda” deganida eng avvalo, har bir ishda adolat bilan yodashsih kerakligini ko‘rsatib o‘tishi bugungi kun uchun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Chunki adolat ustuvor bo‘lgan joyda, ishonch va rivojlanish bo‘ladi.
Korrupsiyani yo‘qotish faqat jazo choralariga tayanish orqali emas, balki ta’lim tizimida ma’naviy immunitetni shakllantirish bilan amalga oshadi. Har bir o‘qituvchi, talaba va ota-ona halollikni hayot mezoniga aylantirsa, jamiyatda bu illat ildiz otolmaydi. Korrupsiyaga qarshi kurash ma’naviy ishlarimizdan biridir. Bugungi yoshlar bilim, texnologiya va innovatsiyalar orqali raqobatlashayotgan bir paytda, ta’limdagi adolatsizlik ularning imkoniyatini cheklaydi. Shuning uchun har bir yosh o‘z bilimiga, mehnatiga va iste’dodiga ishonib muvaffaqiyatga erishishi zarur.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasini korrupsiyadan xoli etish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:
Talabalar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida turli tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Bu kabi tashabbuslar korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat huquqiy, balki tarbiyaviy yondashuvni ham kuchaytiradi. Eng muhimi, ta’lim tizimida “halollik – qadriyat, vijdon – mezon” tamoyili mustahkam qaror topmoqda.
Korrupsiyasiz ta’lim – bu nurafshon kelajakning poydevori. Ta’limda adolat hukm sursa, yoshlar o‘z bilimiga ishonadi, mehnatsevarlik va halollik milliy qadriyat sifatida mustahkamlanadi. Bunday jamiyatda esa har bir fuqaro o‘z yurtining kelajagi uchun mas’uliyat bilan yashaydi. Halol bilim esa insonni yuksaltiradi, inson esa jamiyatni rivojlantiradi. Ta’lim tizimidan korrupsiyani butunlay yo‘q qilish orqali biz nafaqat bugungi kunning halolligini ta’minlaymiz, balki ertangi avlod uchun nurafshon kelajakning mustahkam poydevorini ham yaratamiz. Chunki halollik ustuvor bo‘lgan jamiyatda ishonch, adolat va taraqqiyot barqaror bo‘ladi. Shu sababli, korrupsiyaga qarshi kurash — har bir fuqaroning fuqarolik burchi, ma’naviy mas’uliyati bo‘lishi shart. Bu kurashda o‘qituvchi, talaba, ota-ona va rahbar birdek mas’uldir. Bu borada yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev “Korrupsiya shunday yovuz illatki, u halqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur utkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi”, - deb ta`kidlagan edi.