YANGI YIL BAYRAMI MUNOSABATI BILAN REKTOR TABRIGI

25-Dekabr 2025, 07:46
Universitet yangiliklari

Muhtaram professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar, qadrli ishchi-xodimlar!

O‘tayotgan har bir yil inson hayotida, jamiyat taraqqiyotida va davlat kelajagida o‘chmas iz qoldiradi. Vaqt shiddati ichida kechgan har bir kunga nazar tashlash, qilingan ishlarga xolis baho berish va kelgusi marralar sari aniq rejalar bilan intilishni taqozo etadi. Ana shu ma’noda, yangi yil nafaqat bayram, balki o‘tgan yli sarhisobi va kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yish pallasi hamdir.

Ma’lumki, mamlakat va jamiyat taraqqiyoti uzluksiz mehnat, izlanish va hamjihatlik samarasidir. Shu bois yangi yil ostonasida o‘tgan davr davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va mavjud kamchiliklar tahlil qilinib, kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olinadi. Bu jarayon, ayniqsa, ta’lim va ilm-fan sohasida yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Quvonarlisi shundaki, o‘tib borayotgan yil universitetimiz hayotida mazmunli va samarali bo‘ldi. Yil davomida ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida izchil ishlar olib borildi. Jumladan, joriy yilda Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan Global Sustainable Development Congress doirasida Times Higher Education (THE) Impact Rankings 2025 natijalari e’lon qilindi. Ushbu reyting universitetlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan 17 ta Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (SDG) bo‘yicha jamiyat va atrof-muhitga qo‘shayotgan real hissasiga asoslangan holda shakllantiriladi. Qarshi davlat universiteti THE Impact Rankings 2025 reytingida 1500 talikdan joy egallab, o‘tgan yilga nisbatan sezilarli yuksalishga erishdi. Xususan, 2024-yilda universitetimiz 5 ta SDG yo‘nalishi bo‘yicha TOP-1000 talikka kirgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 9 ta yo‘nalishga yetdi. Ishonamanki, jamoamiz bilan hamjihatlikda kelayotgan yilda qolgan 8 ta yo‘nalishlarda ham 1000–1500 talikdan joy olishga erishamiz. 

Shunindek, nufuzli xalqaro QS (Quacquarelli Symonds) tashkiloti “QS Asia University Rankings 2026” natijalariga ko‘ra, Qarshi davlat universiteti Osiyoning ikki mingga yaqin universitetlari orasidan top-mingtalikdan o‘rin olishi, qolaversa, Markaziy Osiyo universitetlari orasida top-100 talikka kirib, 52-o‘rinni egallashi barchamizning qalblarimizda faxr hissini uyg‘otdi. Bu universitetimiz tarixidagi muhim yutuqlardan hisoblanadi. Albatta, bunday reytinglardan o‘rin olish xalqaro maydonda Qarshi davlat universitetining ilmiy salohiyati, ta’lim sifati va xalqaro hamkorlikdagi faoliyati yuksak ekaniga yana bir dalil bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, ushbu natija butun universitet jamoasining fidokorona mehnati, izlanishlari va strategik rivojlanish yo‘nalishining amaliy natijasidir.

Bundan tashqari, UI GreenMetric World University Rankings 2025 natijalari e’lon qilindi va Qarshi davlat universiteti ushbu global baholashda dunyoning TOP-500 talik universitetlari qatoridan joy oldi. Bu natija OTMning barqaror rivojlanish, ekologik mas’uliyat va “yashil” tashabbuslar borasidagi faoliyati yuqori baholanganidan dalolat beradi. Albatta, universitetning global reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashi zamirida professor-o‘qituvchilar va talabalarga yaratilayotgan sharoitlar, qulayliklar va zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi bilan bir vaqtda jamoamizning hamjihatlikda olib borgan zahmatli mehnatlari ham muhim rol o‘ynadi.  

Shu o‘rinda talaba-yoshlarimizning ko‘rsatayotgan ulkan natijalarini ham e’tirof qilish joiz. Ular turli sohalarda mamlakatimiz va jahon miqyosida o‘tkazilayotgan qator tanlov va musobaqalarda munosib ishtirok etib, iftixor etsa arzigulik natijalarga erishmoqdalar. 

Universitetimizda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Yil davomida 12 nafar fan doktori (DSc) va 58 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun dissertatsiya ishlari muvaffaqiyatli himoya qilinishi bu fikrimizga asos bo‘la oladi. Albatta, bu ko‘rsatkichlar oliygohimizda ilmiy muhitning barqaror rivojlanayotganini yaqqol namoyon etadi. 

Bundan tashqari, 2025-yil hisobida professor-o‘qituvchilarimiz va tadqiqotchilarimiz tomonidan jami 57 ta darslik, 86 ta monografiya, 111 ta o‘quv qo‘llanmalar nashr etildi, shuningdek, OAK tan olgan mahalliy ilmiy jurnallarda 140 ga yaqin, OAK tan olgan xalqaro maqomdagi ilmiy jurnallarda esa 900 ga yaqin, “Web of Science” va “Scopus” bazalaridagi jurnallarda 250 dan ziyod  maqolalar e’lon qilindi. 

Universitetimiz salohiyati ham o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli o‘sdi. Jumladan, 2024-yilda salohiyat 44 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil bu ko‘rsatgich 60 foizga oshdi. 

Ayni paytda, universitetimizning moddiy-texnika bazasi ham izchil ravishda takomillashib bormoqda. Yangi o‘quv binolari, sport inshootlari, talabalar turar joylari va zamonaviy infratuzilma obyektlarining barpo etilishi ta’lim sifati va talaba-yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlarning yanada yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. O‘ylaymanki, amalaga oshirilayotgan bu kabi islohotlar kelgusida o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatadi. 

Qadrli universitet jamoasi!

Kirib kelayotgan yangi 2026-yil barchamiz uchun yangi imkoniyatlar, ulkan yutuqlar va ezgu niyatlar yili bo‘lsin. Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda yuksak zafarlar tilayman. Yangi yilda barcha orzu-umidlarimiz ro‘yobga chiqsin, yurtimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlaringizda muvaffaqiyatlar yor bo’lsin!

Yangi yil barchangizga muborak bo‘lsin!

Dilmurod NABIYEV, universitet rektori