Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqiy himoyasi: amaldagi qonunchilikning kompleks tahlili
Inson sha’ni va qadr-qimmati zamonaviy huquqiy davlatning markaziy kategoriyasi hisoblanadi. so‘nggi yillarda o‘zbekistonda mazkur qadriyatni amaliy jihatdan ta’minlashga qaratilgan huquqiy islohotlar izchil davom etmoqda. ayniqsa, tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohasida qonunchilik bazasining mustahkamlanishi davlatning insonparvar siyosatini namoyon etadi. Mening fikrimcha, tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi samarali kurashish faqat jazo choralarini kuchaytirish bilan emas, balki huquqiy himoya mexanizmlarini kompleks ravishda shakllantirish orqali ta’minlanadi. shu nuqtai nazardan, amaldagi qonunchilikni tizimli tahlil qilish dolzarb ilmiy vazifa hisoblanadi. 2023-yilgi yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquqlarini ustuvor qadriyat sifatida mustahkamladi. Konstitutsiyaning 26-moddasida inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz ekani qat’iy belgilab qo‘yilgan. Ushbu norma faqat deklarativ xarakterga ega emas, balki barcha sohaviy qonunlar uchun metodologik asos vazifasini bajaradi. 58-modda davlatning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish majburiyatini mustahkamlaydi. 76-modda esa oilaning davlat muhofazasida ekanini belgilaydi. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, mazkur konstitutsiyaviy normalar sohaviy qonunchilikda o‘z ifodasini topgan va ularni qo‘llash amaliyotida sudlar uchun bevosita huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59²-moddasida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Ushbu norma jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan holatlarda qo‘llaniladi. Shuningdek, 206¹-moddaga ko‘ra, himoya orderi talablarini buzish mustaqil huquqbuzarlik sifatida baholanadi. Meningcha, ma’muriy javobgarlikning ahamiyati uning jazolashdan ko‘ra, profilaktik xarakterga egaligida namoyon bo‘ladi. Bu bosqichda davlat huquqbuzarni ogohlantiradi va kelgusida og‘irroq oqibatlarning oldini olishga intiladi. 2023 yilda Jinoyat kodeksiga kiritilgan 126¹-modda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun alohida jinoiy javobgarlikni belgiladi. Bu normaning joriy etilishi milliy qonunchilikda muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Bundan tashqari, zo‘ravonlik harakatlari quyidagi moddalar bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin:
104–105-moddalar – badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish;
109-modda – yengil shikast;
110-modda – qiynoq;
118–122-moddalar – jinsiy zo‘ravonlik;
103-modda – o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazish.
Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar 56-moddada belgilangan.
Tahlil shuni ko‘rsatadiki, jinoiy javobgarlik instituti zo‘ravonlikka nisbatan davlatning murosasiz munosabatini ifodalaydi. Shu bilan birga, jazoni individuallashtirish tamoyili muhim ahamiyatga ega. Zo‘ravonlik natijasida yetkazilgan zarar faqat jinoiy jazo bilan cheklanmaydi. Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga ko‘ra, yetkazilgan zarar to‘liq hajmda qoplanishi shart. 1007-modda ma’naviy zararni qoplash imkoniyatini nazarda tutadi. Bu norma ayniqsa ruhiy azob-uqubat holatlarida muhim ahamiyatga ega. Mening fikrimcha, fuqarolik-huquqiy mexanizm jabrlanuvchining adolat tuyg‘usini tiklashda hal qiluvchi vositadir. Ma’naviy zarar miqdorini belgilashda sudlar adolat va oqilonalik мезонларига таяниши лозим. 2022-yilgi yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida kamsitish va majburiy mehnat taqiqlangan (6- va 154-moddalar). 181–182-moddalar intizomiy javobgarlikni tartibga soladi. Ish joyidagi tazyiq holatlari mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralarni qo‘llashga asos bo‘ladi. Bu normalar mehnat muhitining xavfsiz va adolatli bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 23- va 26-moddalari himoya orderini berish tartibi va amal qilish muddatini belgilaydi. Himoya orderi – favqulodda huquqiy himoya vositasi bo‘lib, u zo‘ravonlikning takrorlanishini oldini olishga qaratilgan. Meningcha, mazkur institut profilaktika va jazo o‘rtasidagi muhim huquqiy ko‘prik vazifasini bajaradi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston Respublikasida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi huquqiy mexanizmlar ko‘p bosqichli va o‘zaro uyg‘un tizimni tashkil etadi. Konstitutsiyaviy kafolatlar, ma’muriy va jinoiy javobgarlik, fuqarolik-huquqiy kompensatsiya hamda mehnat sohasidagi himoya choralari bir-birini to‘ldiradi. Shu bilan birga, amaliyotda huquqni qo‘llash bir xilligini ta’minlash, jabrlanuvchilarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ma’naviy zararni baholash mezonlarini takomillashtirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish faqat huquqiy emas, balki ijtimoiy-axloqiy muammo hamdir. Shu bois, huquqiy choralar jamoatchilik ongini oshirish va profilaktik tadbirlar bilan uyg‘unlashtirilgandagina samarali bo‘ladi.
Qarshi davlat universiteti professori Abdurahmon Yakubov