“Lochin” yangi mavsumga puxta va maqsadli tayyorgarlik ko‘rmoqda

21-Yanvar 2026, 12:06
Universitet yangiliklari

Avval xabar berganimizdek, Qarshi davlat universiteti “Lochin” futbol klubi joriy mavsumdan e’tiboran mamlakat futbolidagi nufuzli musobaqalardan biri — Proligada ilk bor ishtirok etadi. Bu esa jamoa oldiga yuqori mas’uliyat va katta vazifalarni qo‘ymoqda. Ayni kunlarda “Lochin” jamoasi yangi bosh murabbiy Eldor Moyliyev rahbarligida rejali tarzda mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Ta’kidlash joizki, Eldor Moyliyev “Lochin”ga kelguniga qadar “Sho‘rtan” futbol klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritib, milliy chempionatda muayyan tajriba to‘plagan mutaxassis hisoblanadi. Qishki o‘quv-yig‘inlar doirasida jamoa ilk nazorat uchrashuvini o‘tkazib, unda “Nasaf” U21 jamoasi ustidan 4:2 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Mazkur o‘yin futbolchilarning jismoniy va texnik tayyorgarligi, shuningdek, jamoaviy o‘yinda ijobiy o‘sish kuzatilayotganini namoyon etdi. Universitet rahbariyati va murabbiylar shtabi tomonidan jamoani bosqichma-bosqich kuchaytirish, tarkibni yosh, iste’dodli va salohiyatli futbolchilar hisobiga mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda hozirgi kunda bir qator iqtidorli yosh futbolchilar saralab olish maqsadida ko‘rik-sinov mashg‘ulotlaridan o‘tkazilmoqda. Umuman olganda, “Lochin” futbol klubi Proligada munosib va muvaffaqiyatli ishtirok etishni o‘z oldiga ustuvor maqsad qilib qo‘ygan. Jamoaning yangi mavsumdagi ishtirokini muxlislar katta qiziqish bilan kutmoqda. “Lochin” jamoasiga yangi mavsumda omad va zafarlar tilaymiz.