Bobur merosi — ma’naviyat, adabiyot va san’at uyg‘unligida
Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan universitetda bir qator ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy hamda ijodiy tadbirlar tashkil etildi. Mazkur tadbirlar talaba-yoshlar qalbida buyuk ajdodimiz merosiga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Tibbiyot fakulteti Davolash ishi yo‘nalishi 1-kurs talabalari o‘rtasida “Bobur — qalb va qalam sohibi” mavzusida badiiy kecha o‘tkazildi. Tadbir davomida talabalar tomonidan Bobur ijodiga oid g‘azal va ruboiylar, sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Xorijiy tillar fakultetida “Ahbob yig‘ilmoqni farog‘at tutingiz” mavzusida adabiy-badiiy, musiqiy tadbir tashkil etildi. Unda Bobur hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar berilib, g‘azal va ruboiylardan namunalar tinglandi, musiqiy chiqishlar hamda badiiy sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ijtimoiy fanlar fakultetida “Bobur — benazir siymo” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida Bobur shaxsiyati va boy merosi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlarda g‘azallar, sahna ko‘rinishlari hamda kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Shu bilan birga, Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan San'atshunoslik talabalari o‘rtasida “Bobur — yurt sog‘inchi ila yashagan shoir” mavzusida rasmlar tanlovi ham tashkil etildi. Tanlov yakuniga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ular tegishli darajadagi o‘rinlar bilan taqdirlandilar. Mazkur tadbirlar orqali talaba-yoshlar buyuk ajdodimiz merosini yanada chuqurroq o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash hamda ma’naviy kamolot sari intilish borasida muhim taassurotlarga ega bo‘ldilar.