Giyohvandlik va psixotrop moddalar iste’moliga qarshi profilaktik tadbir o‘tkazildi

20-Fevral 2026, 05:07
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universitetida Sport fakulteti professor-o'qituvchilari va talaba-yoshlari hamda Yoshlar bilan ishlash bo'limi tyutorlari ishtirokida “Giyohvandlik va psixotrop moddalar — umr zavoli” mavzusida keng qamrovli profilaktik uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda rektor maslahatchisi A.Jo'rayev, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimi A.Rashidov hamda viloyat Narkologiya dispanseri shifokori G`.Sherdonov so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida sintetik va psixotrop moddalar iste’molining ortayotgani hamda ularning inson salomatligi va jamiyat hayotiga yetkazadigan fojiali oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Xususan, so‘nggi vaqtlarda narkojinoyatlarning internet tarmoqlariga ko‘chayotgani, respublika miqyosida yirik narkoguruhlar faoliyatiga chek qo‘yilayotgani hamda ushbu illatga nisbatan qonunchilikda belgilangan qat’iy javobgarlik choralari alohida ta’kidlandi. Mutaxassislar talaba-yoshlarning o‘qish va ish jarayonidagi ruhiy zo‘riqishlar, stress va charchoq sababli “yengillik” izlab, psixofaol moddalar tuzog‘iga tushib qolish xavfidan ogohlantirdilar. Tadbir yakunida talabalarga giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish borasidagi tezkor tadbirlar aks etgan “E’tirof” filmi namoyish etilib, yoshlarda bu kabi illatlarga nisbatan mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.