“Olima qizlar” ilmiy salohiyatni yuksaltirish yo‘lida
Qarshi davlat universitetida “Olima qizlar ilmiy faoliyatiga oid yutuqlarni ommalashtirish va innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish” mavzusida “Olima qizlar klubi”ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda universitetda tahsil olayotgan, ilm-fan va innovatsiyalar yo‘nalishida faollik ko‘rsatayotgan, shuningdek, startap loyihalari orqali muayyan yutuqlarga erishgan talaba-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Tadbir davomida olima qizlarni birlashtirish, ularning ilmiy izlanishlarini rag‘batlantirish, aniq maqsadlar sari yo‘naltirish hamda motivatsiyasini oshirish borasida fikr almashildi. Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — olima qizlarning ilmiy salohiyati va ijtimoiy faolligini yuksaltirish, ilm-fan sohasida gender muvozanatini mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida ilmiy faoliyatga qiziqishni kuchaytirish hamda “Olima qizlar klubi”ning nufuzi va ta’sir doirasini kengaytirishdan iborat. Yig‘ilish yakunida universitet miqyosida yutuqlarga erishgan talaba-qizlar rag‘batlantirildi.