QarDU talabalari xalqaro kimyo olimpiadasida g‘olib bo‘lishdi
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universiteti bazasida talabalar o‘rtasida IV Xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkazildi. Bellashuvlar 15-17–oktyabr kunlari turkman, rus va ingliz tillarida an’anaviy formatda tashkil etildi. Olimpiada “A” (kimyo yo‘nalishidagi talabalar) va “B” (boshqa yo‘nalishdagi talabalar) toifalarida o‘tkazildi. Musobaqada Rossiya, Xitoy, Italiya, Eron, Buyuk Britaniya, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan jami 24 ta xorijiy universitetning 100 nafar talabasi hamda Turkmanistonning 23 ta oliy ta’lim muassasasidan 150 nafar talaba qatnashdi. Quvonarlisi, Qarshi davlat universiteti Kimyo-biologiya fakulteti talabalari nufuzli olimpiadada yuqori natijalarga erishdi. Xususan, 4-bosqich talabalari Boboqulov Baxtishod Norpo‘latovich oltin, Zayriddinova Anora Oybek qizi kumush, 3-bosqich talabasi Po‘latov Elbek To‘lqinovich bronza medal bilan taqdirlandi. Olimpiadada QarDUning Noorganik kimyo kafedrasi dotsenti Nigora Jo‘raqulova va Organik kimyo kafedrasi dotsenti Charos Maxmadiyorova talabalarga hamrohlik qildi. Tadbir yoshlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash hamda kimyo sohasidagi bilim va tajribani boyitishga xizmat qildi.