Hududiy bosqichda zafar – endi navbat respublika bosqichiga!

24-Oktabr 2025, 05:50
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universitetida O‘zbek tili bayrami hamda o‘zbek tiliga davlat maqomi berilganining 36 yilligi munosabati bilan “Til bilimdonlari” respublika tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi.Mazkur tanlovda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 20 nafar iqtidorli talaba o‘z bilim va iste’dodini namoyon etdi. Ishtirokchilar mas’ul kuzatuvchi nazorati ostida o‘z telefonlari orqali tanlov e’lonida ko‘rsatilgan telegram botda ro‘yxatdan o‘tib, o‘zbek tili imlo qoidalari, tinish belgilarining qo‘llanilishi, savodxonlik hamda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun yuzasidan tuzilgan 50 ta test savollariga javob berdilar. Har bir test uchun 40 soniyadan vaqt belgilandi. Yakunda test natijalariga ko‘ra hududiy bosqich g‘oliblari aniqlandi. Quvonarlisi, barcha sovrinli o‘rinlarni Qarshi davlat universiteti talabalari egalladilar.

1-o‘rin — Filologiya fakulteti 4-bosqich talabasi Feruza Jumaniyozova
2-o‘rin — Filologiya fakulteti 4-bosqich talabasi Muxlisa Pardayeva
3-o‘rin — Filologiya fakulteti 4-bosqich talabasi Dilnoza Norqobilova

Ma’lumot uchun, hududiy bosqich g‘oliblari mos ravishda 1-o‘rin — bazaviy stipendiya miqdorining 4 barobari, 2-o‘rin — 3 barobari va 3-o‘rin — 2 barobari miqdorida pul mukofotiga ega bo‘ladilar. G‘olib talabalarimizni chin dildan tabriklaymiz va ularga tanlovning respublika bosqichida ham yuksak natijalarga erishishlarini tilaymiz!