Fransiya elchisi Qarshi davlat universitetida: ta’lim va madaniyat muloqoti
Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk Qarshi davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif avvalida janob elchiga talabalar tomonidan o‘zbek milliy urf-odatlari namoyish etildi. Milliy qadriyatlarni aks ettirgan ushbu chiqishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng tashrif Xorijiy tillar fakulteti o‘quv binosida davom etdi. Bu yerda fransuz tili yo‘nalishi talabalari tomonidan fransuz madaniyatiga bag‘ishlangan turli sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar, shuningdek, o‘zbek milliy raqslari va kuylar ijro etildi. Elchi Ualid Fuk talabalar bilan muloqot chog‘ida ularning kelgusi rejalari, orzu-intilishlari bilan qiziqdi. Shu bilan birga, u xorijiy tillarni o‘rganishning ahamiyati, xususan, fransuz tilining xalqaro muloqotdagi o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Mas’ullar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, ta’lim sifatini oshirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tashrif davomida universitet hududida yangidan barpo etilgan Xalqaro ilmiy laboratoriyalar markazi ham ko‘zdan kechirilib, uning faoliyati va imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.