QarDU talabasi respublika tanlovi g‘olibi bo‘ldi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “Kelajak soati” loyihasi doirasidagi dars ssenariylari tanlovi yakunlandi. Mazkur tanlovda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Millat fidoyilari. Xotira va qadrlash” mavzusida o‘z ijodiy ishlari bilan qatnashdilar. Tanlov nizomiga muvofiq, maktablarning 9–11-sinflari uchun mo‘ljallangan eng yaxshi dars ssenariysi yo‘nalishida Qarshi davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti 2-bosqich talabasi Nusratova Mahbuba Usmonxon qizining ijodiy ishi g‘olib deb topildi. E’tiborlisi, endilikda yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan “Kelajak soati” darslari Mahbuba tomonidan yaratilgan ssenariy asosida tashkil etiladi. Qarshi davlat universiteti jamoasi Mahbuba Nusratovani ushbu yuksak yutuq bilan samimiy tabriklaydi hamda kelgusidagi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.