“Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi”: QarDUda musobaqalar jarayoni ko‘zdan kechirildi

14-Aprel 2026, 06:36
Universitet yangiliklari

Sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida viloyatimizda bo‘lib turgan Respublika ishchi guruhi Qarshi davlat universitetiga tashrif buyurdi. Jumladan, viloyat hokimi Murotjon Azimov, Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov va tashkilot bosh kotibi Oybek Qosimov universitetda talabalar uchun yaratilgan sport infratuzilmasi bilan tanishdilar. Mehmonlar universitetda o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi”ning stol tennisi bo‘yicha saralash bahslarini kuzatib, talabalarning tayyorgarligiga e’tibor qaratdilar. Ma’lumot o‘rnida, mazkur olimpiada sportning 7 turi (basketbol 3x3, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish va futbol) bo‘yicha aprel–iyun oylarida uch bosqichda o‘tkazilishi belgilangan. Hozirda boshqa sport turlari bo‘yicha ham musobaqalarning universitet bosqichi qizg‘in davom etmoqda. Tashrif asnosida ishchi guruhi a’zolari universitetning “Lochin” futbol klubi va voleybol jamoasi a’zolari bilan uchrashib, yosh sportchilarning rejalari va erishgan yutuqlari yuzasidan samimiy muloqot qildilar.