QARSHI DAVLAT UNIVERSITETI VA “ADM JIZZAKH” MChJ O‘RTASIDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI
Qarshi davlat universitetida oliy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashrif doirasida “ADM Jizzakh” MChJning mas’ul xodimlari universitetga tashrif buyurib, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va iqtisodiyot fakulteti iqtidorli guruh talabalari bilan uchrashdilar. Tomonlar ta’lim jarayonini ishlab chiqarish amaliyoti bilan integratsiyalash, talabalar amaliyoti, dual ta’lim elementlarini joriy etish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan muzokaralar olib bordilar. Uchrashuv davomida mehmonlar universitetning ta’lim va ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdilar. Muzokaralar yakunida Qarshi davlat universiteti va “ADM Jizzakh” MChJ o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, talabalar uchun amaliyot va stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish hamda malakali kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Ushbu hamkorlik kelgusida yosh mutaxassislarni tayyorlash sifati va samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.