QarDU talabasi AQSh universitetiga grant asosida qabul qilindi

24-Aprel 2026, 06:04
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universiteti Iqtisodiyot fakulteti 1-bosqich talabasi Ahmadov Sanjar Sohibovich o‘zining intilishi va salohiyati bilan yuksak natijaga erishdi. U bir vaqtning o‘zida xorijdagi 5 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinib, yakunda AQShning West Virginia State University (WVSU) universitetini grant asosida tanladi. Sanjar uchun bu yutuq bolalikdan orzu qilingan maqsadning ro‘yobidir. U nafaqat xorijiy universitetga qabul qilindi, balki grantni qo‘lga kiritib, AQShda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. “Xorijda ta’lim olish mening eng katta orzularimdan biri edi. Shu maqsad sari tinimsiz harakat qildim va nihoyat natijaga erishdim. Bu yo‘lda meni doimo qo‘llab-quvvatlagan ota-onam va ustozlarimdan cheksiz minnatdorman”, — deydi Sanjar Ahmadov. Mazkur yutuq yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lib, katta maqsadlar sari intilishda qat’iyat va mehnat muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Talabamizga ilm yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!