QarDU sportchilari xalqaro Gran-prida muvaffaqiyat qozondi
Para yengil atletika bo‘yicha Tunisda o‘tkazilgan navbatdagi xalqaro Gran-pri turniri o‘z yakuniga yetdi. Dunyoning 58 mamlakatidan qariyb 500 nafar sportchi ishtirok etgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli qatnashib, 8 ta oltin, 11 ta kumush va 11 ta bronza, jami 30 ta medalni qo‘lga kiritdi. Quvonarlisi, musobaqada Qarshi davlat universiteti Sport faoliyati kafedrasi o‘qituvchisi Sevinch Husanov T12 klassida 400 metrga yugurish va uzunlikka sakrash bahslarida bronza medal sohibiga aylandi. Shuningdek, universitetning Sport fakulteti Sport faoliyati: yengil atletika ta’lim yo‘nalishi talabasi Navro‘za Axmatova F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Mazkur natijalar sportchilarimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini yana bir bor namoyon etib, ularning 2028-yilda Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XVIII Paralimpiya o‘yinlariga olib boruvchi xalqaro saralash va reyting jarayonlarida munosib ishtirok etishiga xizmat qilmoqda. Universitet jamoasi sportchilarimizga kelgusi musobaqalarda ulkan zafarlar tilaydi!