Ilmiy nashr faolligi va universitet reytingini oshirish yo‘lida
Qarshi davlat universitetida 7–8-sentyabr kunlari tasdiqlangan grafik asosida barcha kafedralarning professor-o‘qituvchilari ishtirokida ilmiy nashr faolligini oshirish, universitetning xalqaro reytinglardagi mavqeini mustahkamlash hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini yuksaltirishga qaratilgan seminar-treninglar o‘tkazildi. Seminarlar davomida ilmiy etika va akademik halollik tamoyillari, shuningdek, Scopus, Web of Science va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi jurnallarda ilmiy maqolalarni nashr etish talablari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Xususan, ilmiy maqolalarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash, maqola uchun munosib jurnal tanlash, plagiatning oldini olish, mualliflik etikasiga rioya qilish, iqtiboslar soni va ilmiy ta’sir ko‘rsatkichlarini oshirish, shuningdek, universitet reytingiga ta’sir etuvchi asosiy mezonlar yuzasidan fikr va tajribalar almashildi. Mazkur seminar-treninglar sifatli ilmiy nashrlar ulushini oshirish, akademik halollik muhitini mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda Qarshi davlat universitetining xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.