Matbuot anjumani: qabul kvotalari, yangi ta’lim yo‘nalishlari

Bugun Jurnalistlar uyida Qarshi shahridagi davlat OTMlarining qabul jarayoniga mas’ullari va jurnalistlar, blogerlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. “2023-2024-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasi qabul jarayonlarida yaratilgan imkoniyatlar, yangi o‘quv yilida kutilayotgan o‘zgarishlar" mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida dastlab 2023/2024-o‘quv yili qabul jarayonlarida yangi ochilgan yo‘nalish va mutaxassisliklar hamda qabul kvotalari haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Xususan, Qarshi davlat universitetida yangidan maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, matematika va informatika, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, musiqa ta’limi, texnologik ta’lim, dizayn: libos va gazlamalar, rangtasvir: dastgohli, matnshunoslik va madaniy manbashunoslik, moliya va moliyaviy texnologiyalar, arxitektura, mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish ta’lim yo‘nalishlari ochildi. Shuningdek, kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 50 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishida qabul kvotasi 1580 nafar (shundan 510 nafar davlat granti va 1070 nafar to‘lov-kontrakt) ni tashkil etadi. Sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha 18 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishlarida qabul kvotasi jami 450 nafar va bularning barchasi to‘lov-kontraktni tashkil etadi. 25 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotasi jami 216 nafarni tashkil etadi. Shundan 169 nafari davlat grantiga va 47 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Universitetda 2023-2024 o‘quv yilida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha jami qabul kvotasi 125 ta bo‘lib, ularning barchasi to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. 

Matbuot anjumanida Qarshi davlat universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor A.Xolmurodov, qabul bo‘yicha mas’ul kotib D.Xudoyberdiyev ishtirok etib, joriy yilgi qabul jarayoni bilan bog‘liq yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi. Ta’kidlash joiz, o‘tkazilgan mazkur matbuot anjumani oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarni tezkor, xolis va ommaviy tarzda aholiga yetkazishda munosib maydon vazifasini o‘taganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.