“Qaqnus”dan navbatdagi benazir ijro!

27-oktabr 2023
Universitet yangiliklari

Bugun viloyat musiqali drama teatrida Qarshi davlat universitetining “Qaqnus” talabalar teatr-studiyasi tomonidan namoyish etilgan “Manqurt” spektakli o‘zgacha voqea bo‘ldi. Atoqli adib Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romanidagi manqurt haqidagi afsona asosida rejissor Muzaffar Fayziyev tomonidan sahnalashtirilgan “Manqurt” spektaklining falsafiy yechimi, ramziy topilmalari bilan muxlisu mutaxassislarda ijobiy taassurot qoldirdi.

Sahna o‘rtasida moyjuvoz, yoshlik sururidan sarmast Jo‘lomon (Filologiya fakulteti talabasi Sardor Umarov) uni aylantirib, bor quvonchu shodligini to‘kib soladi. Onasi keltirgan taomni huzur bilan tanovul qilarkan, butun vujudida yigitlik shavqi, ehtirosi jo‘sh uradi. Daf’atan sahnadagi sokin muhit o‘rnini shovqin-suron, qiy-chuv egallaydi, qo‘lida arqon o‘ynatgan bir gala manqurtlar Jo‘lomonni ona bag‘ridan yulqib olib, o‘z saflariga tortadi. Nayman onaning ko‘zlariga dunyoi dun qorong‘i bo‘ladi, u har qancha faryod chekmasin, farzandini qutqarib qololmaydi.

Jafokash Nayman ona rolini Kimyo-biologiya fakulteti talabasi Barno To‘ymurodova ijro etdi. Ta’kidlash joiz, ushbu sahna asari orqali insonning xotirasi, o‘zligidan mahrum bo‘lishi naqadar dahshatli ekani, bu fojianing umuminsoniyatga daxldorligi ochib berildi. Spektakl yakunida “Qaqnus” talabalar teatr-studiyasi ijodiy rahbari P.Nomdorov, viloyat musiqali drama teatri aktyori O‘.Boyqobilov, ota-onalar, universitet o‘qituvchilari, talabalar so‘z olib, rejissor va yosh aktyorlarning ijro mahoratini alohida e’tirof etishdi.