Universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik jarayonlari yakuniy bosqichda

31-oktabr 2023
Universitet yangiliklari

Ayni kunlarda Qarshi davlat universitetida talaba-yoshlarning munosib sharoitlarda sifatli ta’lim olishlari uchun faol sur’atlarda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik, qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanmoqda. Xususan, hududda yangitdan 1200 o‘rinli zamonaviy andozadagi o‘quv binosi qad rostlamoqda. Ushbu obyekt Xorijiy tillar fakulteti uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 5 qavatdan iborat. Shuningdek, bino tarkibida 4 ta ma’ruzalar zali ham qurib bitkazilayotir. Hozirda ushbu inshootlarda so‘ngi pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan bir qatorda Axborot resurs markazi qaytadan mukammal ta’mirlanmoqda. Mazkur bino foydalanishga topshirilgach bir vaqtni o‘zida 500 nafar talabalarga (ilgari 200 nafar) xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Binoning tashqi va ichki ko‘rinishida pardozlash ishlari yakunlanmoqda. 
Oliy ta’lim jarayonini raqamli formatga o‘tkazish, raqamli ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish uchun universitet tuzilmasida Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etilmoqda. Markaz o‘quv jarayoni, kredit-modul tizimi, akademik faoliyat, tahliliy ma’lumotlar bazasini shakllantirish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va ularning amaliyotini tizimli tashkil etish kabi vazifalarni amalga oshiradi. Binoda qurilish jarayonlari yakunlangan bo‘lib, ayni paytda jihozlash ishlari ketmoqda. Ma’lumotlar ko‘ra, mazkur inshootlar yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.