QarDU o‘qituvchilari Ispaniyaning nufuzli OTMlarida ilmiy stajirovka o‘tamoqda

13-iyun 2023
Seminarlar

Joriy yilning 29-mayidan  Qarshi davlat universiteti Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi tayanch doktoranti Dilso‘z Musayeva hamda Lingvistika (Ingliz tili) kafedrasi o‘qituvchisi Orzigul Otamurodova Ispaniyaning Valladolid universiteti va Xaen universitetlarida ilmiy stajirovka o‘tamoqdalar.  Tashrif doirasida ular Ispaniyaning eng qadimiy universitetlaridan (XIII asrda tashkil topgan) hisoblangan Valladolid universiteti  o‘qituvchilari  va Gumanitar fanlar fakulteti xalqaro loyihalar koordinatorlari bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Muloqot davomida  Qarshi davlat universiteti va Valladolid universitetlari o‘qituvchilarining  o‘zaro ilmiy stajirovkalarini yo‘lga qo‘yish, kalloboratsiyani kuchaytirish, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida hamkorlikni samarali davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, QarDU vakillari Valladolid universitetining Sanoat muhandisligi fakulteti va Mikrobiologiya kafedrasi labaratoriyalari bilan tanishishdi. 

Tashrifning ikkinchi haftasi Xaen universitetida davom etdi. Ispaniyaning Xaen universiteti 2020-yildan buyon Qarshi davlat universiteti bilan Erasmus+ dasturi doirasida hamkorlik qilib kelmoqda. Joriy yilning bahorgi semestrida Qarshi davlat universitetining ikki nafar bakalavr talabasi Xaen universitetida Erasmus+ Xalqaro kredit mobilligi granti sovrindori bo‘lib, bir semester davomida hamkor OTMda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ingliz filologiyasi fakulteti talabalari Abdulaziz Xolmo‘minov va Sevara Qutbiddinova ayni damda Xaen universitetida bahorgi semester fanlarini tamomlab, yakuniy imtihonlarni topshirmoqdalar.  

Tashrif doirasida Xaen universiteti Ingliz filologiyasi professori Y.A.Kaballero va xalqaro dasturlar koordinatori, professor X.R.Padilla bilan muloqot o‘tkazilib,  ushbu universitet professor-o‘qituvchilarini QarDU ta’lim jarayonlariga jalb qilish hamda universitet professor-o‘qituvchilarining dunyo universitetlari top mingtalik ro‘yxatida bo‘lgan Xaen universitetida qisqa muddatli stajirovkalarini tashkil qilish bo‘yicha fikr almashildi.