Keksalar holidan xabar olindi

29-aprel 2024
Universitet yangiliklari

O‘zgalar qaroviga muhtoj, yolg‘iz keksalar, nogironligi bor kishilar holidan xabar olish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan sanaladi. Odamlar dardu quvonchiga sherik bo‘lish, og‘irini yengil qilish, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatishning hikmati o‘zgacha. Bu bilan yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ulari yanada mustahkamlanadi.

Kuni kecha universitet xodimlari va talabalari kasaba uyushma qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari Qashqadaryo viloyati ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi (Yakkabog‘ tumanidagi Yolg‘iz keksalar va nogironlar uchun mo‘ljallangan “Saxovat” uyi)da yashovchi nuroniylar holidan xabar oldilar. Samimiy tashrif shukronalik duolariga ulandi. Shu kuni nuroniylar uchun konsert dasturi tashkil etilib, sovg‘a-salomlar ulashildi.