“Javohirot” kitobxonlar qo‘lida

29-aprel 2024
Universitet yangiliklari

26-aprel kuni viloyat musiqali drama teatrida filologiya fanlari doktori, professor Nafas Shodmonovning “Javohirot” deb nomlangan yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda tarixchilar, adabiyotshunos olimlar, soha mutaxassislari, badiiy so‘z ixlosmandlari, yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdi. Taqdimotni Respublika Manaviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari Komila Karomova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida mazkur nashrning bugungi kundagi ahamiyati, uning yosh avlod ma’naviyati va ma’rifatiga ijobiy ta’siri haqida to‘xtaldi. 

Shundan so‘ng, falsafa fanlari doktori, professor Sanjar Choriyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tibbiyot fanlari nomzodi Qilich Nurmuxammad, filologiya fanlari doktori Shahobiddin Nuriddinov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Muyassar Tilovova “Javohirot”dan o‘rin olgan asarlar talqini, muallifning g‘oyaviy niyati xususida fikr-mulohazalarini bildirdilar.

“Javohirot” kitobidan o‘rin olgan “Abu Rayhon Beruniy” hamda “Abu Muin Nasafiy” nomli ikki drama jahonshumul ahamiyatga molik shaxslar hayotiga doir epizodlarni badiiy jilvalantirishi bilan o‘ziga xosdir. Kitob Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan nashrga tayyorlanib, Toshkent shahridagi “Adabiyot” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi. Tadbir doirasida kitobdan o‘rin olgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan “Abu Muin Nasafiy” spektakli ham namoyish etildi.