Orastalik va ma’naviyat uyg‘unligi — “Orasta qizlar–2026” universitet bosqichi bo‘lib o‘tdi
Qarshi davlat universitetida “Orasta qizlar–2026” ko‘rik-tanlovining universitet bosqichi yuqori saviyada, ko‘tarinki ruh va samimiy muhitda tashkil etildi. Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad talaba-qizlar o‘rtasida orastalik, milliy va zamonaviy kiyinish madaniyati, nutq ravonligi, ma’naviy-ma’rifiy saviya hamda ijtimoiy faollikni targ‘ib etish, iqtidorli va ibratli yoshlarni aniqlashdan iborat bo‘ldi. Universitet bosqichida fakultetlarda saralangan eng munosib ishtirokchilar o‘zaro bellashdi. Tanlov to‘rt shart asosida o‘tkazildi. Ishtirokchilar “Men – orasta qizman” shartida o‘zlarini tanishtirib, hayotiy maqsad va yutuqlarini bayon etdilar. “Orasta kiyinish madaniyati” bosqichida milliy va zamonaviy uslub uyg‘unligidagi didli liboslar namoyish qilindi. “Aqlli qiz – jamiyat ko‘zgusi” sharti bilim, tafakkur va mulohaza madaniyatini sinovdan o‘tkazdi. “Ijodiy chiqish” bosqichida esa ishtirokchilar o‘z iste’dodlarini she’r, qo‘shiq, sahna ko‘rinishi va milliy an’analar orqali namoyon etdilar. Hakamlar hay’ati tomonidan har bir shart 10 ballik tizim asosida baholanib, yakuniy natijalarga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi:
I-o‘rin — Filologiya fakulteti talabasi Latofat Toshpo‘latova “Orasta qiz–2026” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi
II-o‘rin — Pedagogika fakulteti talabasi Aziza Naimova
III-o‘rin — Matematika va kompyuter ilmlari fakulteti talabasi Nilufar Asrorova
Shuningdek, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham faol va iqtidorli talaba-qizlar taqdirlandi.
Mazkur tanlov orastalik — nafaqat tashqi ko‘rinish, balki yuksak ma’naviyat, zakovat va ibrat namunasi ekanini yana bir bor namoyon etdi.