Butunjahon ijtimoiy xodimlar kuni
Har yili mart oyining uchinchi seshanbasida Xalqaro ijtimoiy xodimlar kuni nishonlanadi. Bu kun ijtimoiy adolat va inson huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy xizmatlarning jamiyat uchun ahamiyatini yodga olish maqsadida tashkil etilgan. Sana munosabati bilan Ijtimoiy fanlar fakultetida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Falsafa va sotsiologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari, Ijtimoiy ish yo‘nalishi 1-bosqich talabalari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi mutaxassislari — inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi Javohir Boymuratov, bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash sho‘basi boshlig‘i hamda agentlik huzuridagi ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qashqadaryo viloyati hududiy markazi rahbari G.Hayitova ishtirok etdilar. Muloqot davomida og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlari, turli zo‘ravonlik shakllaridan jabr ko‘rgan shaxslarni, ayniqsa xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy hayotga moslashtirishda ijtimoiy ish xodimlarining muhim vazifalari haqida atroflicha fikr almashildi. Tadbir yakunida talabalarning qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi tavsiyalar berildi.