Talabalar uchun ma’naviy-ma’rifiy ekskursiyalar tashkil etildi

21-May 2026, 06:32
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universitetida talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning tarixiy bilim va dunyoqarashini kengaytirish maqsadida qator ma’naviy-ma’rifiy ekskursiyalar amalga oshirildi. Ijtimoiy fanlar fakulteti talabalari Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutori M.Saidov boshchiligida Buxoro viloyatiga sayohat uyushtirdi. Ekskursiya davomida talabalar Baxovuddin Naqshband ziyoratgohi, “Sitorai Mohi Xosa” saroyi, Buxoro amirligining so‘nggi amiri Amir Olimxon bilan bog‘liq “Ark” majmuasi hamda “Labi hovuz” kabi tarixiy qadamjolarda bo‘lib, ularning tarixi, me’moriy yechimlari va madaniy ahamiyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, sayohat yakunida Kogon tumanida joylashgan “Botanika” eko bog‘iga tashrif buyurilib, u yerdagi boy o‘simlik va hayvonot olami, manzarali daraxtlar hamda dam olish maskanlari ko‘zdan kechirildi. Matematika va kompyuter ilmlari fakultetining 2-bosqich talabalari esa Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutori H.Ibodillayev hamrohligida Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar” bog‘iga tashrif buyurdilar. Qariyb 7 gektar maydonda barpo etilgan ushbu majmuada Ikkinchi jahon urushi qahramonlari xotirasiga bag‘ishlangan muzey, harbiy texnikalar, sun’iy ko‘l, amfiteatr hamda turli sport va mashg‘ulot maskanlari mavjud bo‘lib, talabalar bu yerda yurtimiz tarixiga oid muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Fizika fakulteti talabalari ham Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutorlari M.Saidov va R.Xudayarov boshchiligida universitet tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi hamda “Vatanparvarlar” bog‘iga tashrif buyurib, ajdodlarimizning jasorati va fidoyiligini yod etdilar.