Oila salomatligiga befarqlik — kelajakka befarqlikdir
Qarshi davlat universitetida “Orfan va irsiy-genetik kasalliklarning oldini olish, sog‘lom oilani shakllantirish hamda sog‘lom bola tug‘ilishi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyati filiali shifokorlari N.Saidova hamda T.Yo‘ldosheva ishtirok etishdi. Mutaxassislar tomonidan orfan kasalliklar juda kam uchraydigan bo‘lsa-da, aksariyat hollarda irsiy omillar bilan bog‘liq ekani, ularni erta aniqlash orqali og‘ir asoratlarning oldini olish mumkinligi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish, homiladorlik davrida muntazam tibbiy nazoratda bo‘lish, vitaminlardan to‘g‘ri foydalanish, sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga amal qilishning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Tadbir yakunida har bir inson o‘z salomatligi uchun mas’ul ekani, sog‘lom oila qurish nafaqat shaxsiy, balki jamiyat kelajagi uchun ham muhim omil hisoblanishi qayd etildi. Yoshlar o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish esa bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.