QarDU talabasi ikki karra O‘zbekiston chempioni bo‘ldi
Angren shahridagi “Yangiobod” Respublika o‘quv-mashg‘ulot bazasida para yengil atletika bo‘yicha U17 va U20 yosh toifalaridagi O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Uch kun davom etgan musobaqalarda yosh para atletlar yugurish, disk uloqtirish, uzunlikka sakrash kabi yo‘nalishlarda medallar uchun bahs olib borishdi. Quvonarlisi, Qarshi davlat universiteti Sport fakulteti Jismoniy madaniyat yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Durdona Axatova U20 yosh toifasida T13 klass bo‘yicha 400 metrga yugurish hamda 100 metrga yugurish bahslarida tengsiz ishtirok etib, ikki karra oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ma’lumot uchun, Durdona Axatova Sport faoliyati kafedrasi o‘qituvchisi Sevinchbek Husanov murabbiyligida shug‘ullanib kelmoqda. Sevinchbek Husanov yaqinda Marokashning Rabot shahrida o‘tkazilgan para yengil atletika bo‘yicha xalqaro Gran-pri musobaqasida bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. Universitetimiz talabasi Durdona Axatovani ushbu yutuq bilan tabriklaymiz va kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar tilaymiz!