Jahon tarixiy liboslari — moda va madaniyat uyg‘unligi
San’atshunoslik fakulteti Dizayn: libos va gazlamalar yo‘nalishi 2-kurs talaba qizlari tomonidan “Jahon tarixiy liboslari” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada talabalar o‘zlari yaratgan Qadimgi Rim, Yunon, Qadimgi Rus, Yapon va Hind, shuningdek, o‘rta asrlar Angliya, Germaniya, Fransiya hamda Italiya tarixiy liboslarini namoyish etdilar. Har bir libos orqali muayyan davrning madaniyati, milliy an’analari va estetik qarashlari aks ettirildi. Tadbir davomida liboslarning tarixiy ahamiyati, bichimi, bezak unsurlari hamda rang tanlovi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Mazkur ko‘rgazma talabalarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, tarixiy moda san’atini chuqur o‘rganish hamda jahon liboslar madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.