Qarshi davlat universitetida Malayziya delegatsiyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Qarshi davlat universitetiga Malayziyaning Jaafar Industries Sdn Bhd (JISB) va TRUCAT Global PLT kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida TRUCAT Global PLT bosh direktori Adida Datuk Yang Amri hamda operatsiyalar bo‘yicha direktori Mohammad Zolkarnain Tun Abdullah ishtirok etdi. Uchrashuvda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda tegishli bo‘limlar mas’ullari qatnashdi. Muzokaralarda kompetensiyaga asoslangan kadrlar boshqaruvi, JAKIM halol sertifikatlash tizimini joriy etish va xalqaro standartlarga mos halol oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ilmiy-ta’limiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli strategik aloqalarni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.