Bir ko‘chat — yashil kelajak sari bir qadam!
Qarshi davlat universitetida talaba-qizlar ishtirokida “Talabalik davrimdagi ilk ko‘chatim” aksiyasi o‘tkazildi. 18-sentyabr kuni tashkil etilgan mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–199-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash hamda yoshlarda tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga qaratildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi bilan hamohang tarzda o‘tkazilgan aksiyada universitet rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, fakultetlarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari hamda faol talaba-qizlar ishtirok etdilar. Aksiya davomida talabalar turar joyi hududiga ko‘chatlar ekilib, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Talaba-qizlarning ushbu ezgu tashabbusdagi faolligi universitet hududini yanada obod va yashil maskanga aylantirishga xizmat qilmoqda.